Topishmoqlar
Nima hamma tilda ham gapiradi?
(Aks-sado)
Nimaning besh barmog‘i boru
Lekin birorta ham tirnog‘i yo‘q?
(Qo‘lqop)
Nimaga odam orqaga o‘girilib qaraydi?
(Orqasida ko‘zi yo‘q)
Odamzodda nima ko‘p?
(Umid, reja)
Odamda nima bo‘lmasa, nimali bo‘lmasa,
Nima qilmasa yashay olmaydi?
(Hunari, ilmi bo‘lmasa, mehnat qilmasa)
Dunyoda nima chaqqon?
(Fikr)
Dunyoda nima yugurik?
(O‘y)
Dunyoda nima qimmat?
(To‘g‘rilik, rostlik)
Dunyoda nima ko‘rinmaydi?
(Sevgi)
Qilichdan o‘tkir nima?
(Ko‘z)
Yuqoridan pastga qarab o‘sadigan narsa nima?
(Sariq sumalak)
Tipratikan qishda nima qiladi?
(Uxlaydi)
Yumuq ko‘z bilan nimani ko‘rish mumkin?
(Tush)
Ko‘prik ustida ketayotgan odam oyog‘ining tagida nima bor?
(Oyoq kiyimining charmi)
Dunyoda bir narsa borki, u bo‘lmasa hech kim bir-birini tanimaydi, u nima?
(Ism)
Yuki bo‘lsa yuradi, yuksiz to‘xtaydi.
Nima ekan u?
(Osma soat)
Har kim to‘yar, kim to‘ymas?
(Baxil, hasadchi)
Qaysi joyda daryolar suvsiz,
Shaharlar uysiz bo‘ladi?
(Xaritada)
Qaysi hayvon butun qish bo‘yi boshini pastga qilib uxlaydi?
(Ko‘rshapalak)
Qaysi joyda osmon pastda bo‘ladi?
(Suvda)
Qaysi so‘roqqa hech qachon «ha» deb to‘g‘ri javob berish mumkin emas?
(«Uxlayapsanmi?»— degan so‘roqqa)
Qaysi vaqtda soatga qarash mumkin emas.
(Uxlaganda)
Kecha «ertaga», ertaga «kecha» bo‘ladigan kun qaysi?
(Bugun)
Hayvonlardan birining nomini ikki tomondan o‘qilsa ham o‘zgarmaydi. Bu qaysi hayvon?
(Kiyik)
Sovuqda bir xil kiyingan kishi va bola turibdi, bularning qaysi biri tezroq sovuq yeydi?
(Ikkovi ham)
Qanday idishni sira to‘ldirib bo‘lmaydi?
(Teshik idishni)
Dengiz ostida qanday tosh bo‘lmaydi?
(Quruq tosh)
Qanday soat bir sutkada ikki marta vaqtni to‘g‘ri ko‘rsatadi?
(To‘xtagan soat)
Topishmoq so‘zini qanday o‘qish mumkin?
(Chapdan o‘ngga)
Uch og‘ayni qanday otni oq dalada yeldiradi?
(Uch barmoqning qalam ushlab yozishi)
Yomg‘ir yog‘ib turganda, qarg‘a qanday daraxtga qo‘nadi?
(Ho‘l daraxtga qo‘nadi)
Tushimda yovvoyi hayvonlar meni taladi, ulardan qanday qilib qutulish mumkin?
(Uyg‘onib)
Uchta traktorchining Ahmad ismli akasi bor. Lekin Ahmad akaning ukalari yo‘q. Bu qanday bo‘ladi?
(Traktorchilar — ayollar, Ahmad akaning singillari)
Qora mushuk qay vaqt uyga osongina kira oladi?
(Eshik ochiq bo‘lsa)
Suv qaerda ustundek turadi?
(Quduqda)
Qachon uchni ko‘rib o‘n besh deymiz?
(Kunduz soat 3 da)
Og‘zida tishi yo‘q odam tish og‘rig‘ini qachon biladi?
(It tishlaganda)
Bir joyda yonib turgan sakkiz lampochkadan uchtasi o‘chsa, nechta lampochka qoladi?
(Sakkizta lampochka qoladi, chunki uch lampochka singani yo‘q)
Nahorga nechta tuxum yeyish mumkin?
(Bitta, qolganlari nahor deb hisoblanmaydi)
Sizga tegishli bo‘lgan nimangizni sizdan ko‘ra boshqalar ko‘proq aytadi?
(Kishi nomi)
Olaqarg‘a o‘zini «Men qushman», deb ayta oladimi?
(Ayta olmaydi, chunki gapira olmaydi)
Otamning o‘g‘li, lekin mening akam ham emas, ukam ham emas.
Kim ekan u?
(Mening o‘zim)
Besh harfdan iborat bo‘lgan sichqon ushlaydigan qopqonni topa olasizmi?
(Mushuk)
Bir oilada cholu kampir yashaydi. Ularning ikki o‘g‘li bor. Har bir o‘g‘lining bittadan singlisi bor, Shu oilada nechta jon bor?
(Beshta: cholu kampir, ikki o‘g‘il, bir qiz)
Uyning har burchagida bittadan mushuk o‘ltiribdi. Har bir mushukning ro‘parasida bittadan mushuk o‘ltiribdi.
Hammasi qancha mushuk?
(To‘rt mushuk)
Bir kishi o‘zining o‘rtoqlariga bir bolaning suratini ko‘rsatib shunday debdi:—Mening er ham qiz tug‘ishganlarim yo‘qdir. Lekin bu bolaning otasi mening otamning bolasidir.
(O‘zining surati)
Kunlardan bir kun chol o‘g‘liga o‘ttiz tiyin berib shunday debdi:
— O‘g‘lim, shu pulga narsa olib kelginki, biz ham, tovug‘imiz ham, qo‘zimiz ham to‘yadigan bo‘lsin.
Aytinglar-chi, bola nima olib kelishi kerak?
(Qovun)
Anhor bo‘yida uch qarag‘ay o‘sadi. Ularning har birida uchtadan yo‘g‘on shoxi bor, har bir yo‘g‘on shoxida beshtadan novda bor. Har bir novdada yetti donadan olma bo‘lsa, hammasi bo‘lib nechta dona olma bor?
(Bitta ham olma yo‘q, qarag‘ayda olma bo‘lmaydi)
Daryo
Daryo ustida bo‘yra.
(Qayiq)
Yursa izi bilinmas.
(Qayiq)
Bir eshagim bor hangi,
To‘qimlari yangi,
O‘t yemaydi, suv ichmaydi.
(Qayiq, kema)
Top-top, top-top otim,
Tuyoqlari yalpoq otim.
Odam ko‘rsa kishnamas,
Yerdan bir cho‘p tishlamas.
(Qayiq, kema)
Izlasang izi yo‘q,
So‘ysang, qoni yo‘q.
(Qayiq)
Bolta urdim,
Badaxshon ketdi.
(Miltiq o‘qi)
Oq kuchugim ang etdi,
Tovushi Qo‘qonga yetdi.
(Miltiq o‘qi)
Og‘izginasi o‘ymoqday,
Baqirgani toyloqday.
(Miltiq o‘qi)
Qora biyam qalt etdi,
Qobirgasi yalt etdi.
(Qilich)
Tumshug‘i uzun,
Tog‘ni teshar.
(Miltiq)
Yalt-yalt etar,
Yamlab ketar.
(O‘q)
Zing etdi, zingrab ketdi,
Oq quvrayning boshini chalib
O‘tdi, ko‘rdingmi?
(O‘q)
Uzun terak, uchi mening qo‘limda.
(Varrak)
Oq g‘ozim uchdi ketdi,
Ichagini cho‘zdi ketdi.
(Varrak)
Osmonda oq eshak,
No‘xtasi qo‘limda.
(Varrak)
Cho‘pchagim cho‘pchak,
Oltin belanchak,
Yetti qizning onasi,
Haligacha kelinchak.
(Qo‘g‘irchoq)
Tap-tap etadi,
Ursam uchib ketadi.
(Koptok)
Uzun terak yiqildi,
Uchi mening qo‘limda.
Zag‘izg‘oni sayraydi,
Sochi mening qo‘limda.
(Tanbur)
Uch ayg‘ir,
haydadim tekis yo‘lga,
Uchoviga o‘n odam
xizmat qilar zo‘rg‘a-zo‘rg‘a.
(Dutor)
Bogda bulbul sayraydi,
Egalari so‘zlaydi.
(Dutor)
Tomda turib gilam qoqdim.
(Nog‘ora)
Hasan dorozi bir bukur,
Hovliga soladi zikir.
Har mo‘ridan tutun chiqsa,
Bachchalar tapir-tupur.
(Karnay)
Tomda turib gilam qoqdim,
Changi jahonga ketdi.
(Nog‘ora)
O‘zi mitti,
Ovozi olamga yetdi.
(Surnay)
Joni yo‘q,
Ursa yig‘laydi.
(Qo‘ng‘iroq)
Daraxt emas, yaproqli,
Ko‘ylak emas, etakli,
Odam emas so‘zlaydi,
Turli kuylar kuylaydi.
(Kitob)
Ustida qopqoq,
Tagida qopqoq,
Ichinda yaproq.
(Kitob)
Tilsiz, aql o‘rgatar.
(Kitob)
Bodomcha bodomcha bilan,
Yetti kalit tom bilan.
Ne ko‘zi bor, ne og‘zi bor,
So‘ylashadi odam bilan.
(Kitob)
Oq yer ochdim,
Qora bug‘doy sochdim.
(Qog‘oz, yozuv)
Qo‘l bilan ekilar,
Og‘iz bilan yig‘ilar.
(Yozish, o‘qish)
Tog‘dan tayladim sinmadi,
Suvga tayladim sindi.
(Qog‘oz)
Sirti tayoq,
Ichi bo‘yoq
(Qalam)
Uzun bo‘yli,
Yo‘rma to‘nli.
(Qamish qalam)
Og‘zi do‘ppidek,
Ichi qizil, xumdek.
(Tandir)
Shum kampir,
Shumaloq kampir,
Ikki beti yumaloq kampir.
(Tandir)
Og‘zi qora ko‘k tozim,
Kuniga to‘qqiz kiyik oladi.
(Tandir)
Alomat-a, alomat,
Ichi qizil qiyomat.
Ho‘l urdim,
Quruq chiqdi.
(Tandir, non)
Osti lop-lop,
Usti lop-lop,
O‘rtasida kumush qoplab.
(Rapida)
O‘zi bitta,
Qulog‘i to‘rtta.
(Qozon, to‘rt qulog‘i)
Qulog‘i qornida,
Boshi yo‘q.
(Qozon)
Qora tovuq,
Qorni to‘q.
(Qozon)
Qora sigir qarab turar,
Sariq sigir yalab turar.
(Qozon, olov)
Qora ho‘kizning putini,
Qizil ho‘kiz yalaydi.
(Qozon, olov)
Bir tom ichida uchta beti qora.
(O‘choqpoya)
Uchi jamlashgan,
Kuchi birlashgan.
(O‘choqpoya)
Qora botir otdan tushdi,
Askarlari o‘rab olishdi.
(Qozon, tovoq, kosa)
Qora dev yiqildi,
Bolalari yig‘ildi.
(Qozon, tovoq, kosa)
Laylak uyada,
Dumi ziyoda.
(Cho‘mich)
Hakka uyada,
Quyrug‘i ziyoda.
(Qoshiq)
Bir xotin bor, bolalari choch-choch,
Ikki qo‘li doim boshida.
(Qoshiqdon)
Osti imorat,
Usti imorat,
O‘rtasi otashxona.
(Samovar)
Bozorda sariq ayg‘ir kishnaydi.
(Samovar)
Ichi qora ko‘mirday,
Tishi sariq isparakday.
O‘ltirishi mulladay,
Qichqirishi tayloqday.
(Samovar)
Suv desam, suv emas,
Shildiraydi bir narsa.
O‘t desam, o‘t emas,
Yiltiraydi bir narsa.
Boshiga bo‘rkini olib,
Bo‘rkillaydi bir narsa.
(Samovar)
Umrdon-a umrdon,
Yoqqan o‘ti ko‘mirdan.
Makkadan bir qush kepti,
Jig‘ildoni temirdan.
(Samovar)
O‘zi katta,
Kichikka egiladi.
(Choynak)
O‘zi turar jimgina,
Qulog‘i bor birgina.
(Choynak)
Ro‘parada turibdi,
Yuzi dumaloq, lo‘ppi.
Bir qulog‘i bor, bir burni,
Boshiga kiygan do‘ppi.
(Choynak)
Onalari tokchadan tushsa,
Bolalari yugurib keladi.
(Choynak, piyola)
Hamma kishini ko‘rganda labini o‘pkay.
(Piyola)
Labi labimga tegsa, og‘zim kuyadi.
(Piyola)
Mehmon keldi,
Yugurib bordi.
Qo‘liga chiqib,
Labini o‘pdi.
(Piyola)
Qora tuyam baqirar.
(Choydish)
Buxorodai kelgan lo‘k,
Kulga borib cho‘k.
(Oftoba)
Qorni qortoz,
Burni burtoz.
Otga minmas,
Piyoda yurmas.
(Obdasta)
Borayotganda och minar,
Kelayotganda to‘q.
(Ko‘za)
Qorni qopday,
Bo‘yni ipday.
(Xum)
Shim kampir,
Shim-shim kampir.
(Qatiq soladigan kadi)
Uzun terak,
Ichi kovak.
(Kuva)
O‘ttiz umurtqasi yo‘q,
Qirq qobirg‘asi yo‘q.
Shiliq-shiliq etadi,
O‘zi sira to‘ymaydi.
(Mesh)
Oq echkim ichi yo‘q,
Suyagi yo‘q, go‘shti yo‘q,
O‘zi shiliq-shiliq etadi,
Yumalab yerda yotadi.
(Mesh)
Oq echkim qanotin yozdi,
Og‘zin ochsam ichidan bol chiqdi.
(Mesh)
Bo‘tali tuya ovul kezar.
(Keli)
Otasi og‘zin ochar,
Bolasi urib qochar.
(Keli)
Taltayib turadi,
Tarsillatib uradi.
(Keli)
Tap-tap etadi,
Tagidan karvon o‘tadi.
(Elak)
Tak-tak tomdan qor yog‘adi.
(Elak)
Yangi idish,
Tagi teshik.
(Elak)
Bir o‘zi,
Ming ko‘zi.
(Elak)
Oqqina tuya kulga cho‘kar.
(Elak)
Kalta momom loy tepar.
(Saqich)
Kaltacha bobom loy tepar.
(Saqich)
Kichkina mitti,
Echkini yiqitdi.
(Pichoq)
Ishini bitirdi,
Eshik tagiga o‘tirdi.
(Supurgi)
Eshik orqasida beli bog‘liq qul yotar.
(Supurgi)
Beli bog‘liq qulbachcha,
Tomdan o‘tin tashlaydi.
(Supurgi)
Belin bog‘lab uy o‘rtasida o‘ynar.
(Supurgi)
Qo‘ygan yerda turadi,
Osh yemaydi, suv ichmaydi.
(Supurgi)
Qobirg‘asi bor, qoni yo‘q,
Og‘zi bor, joni yo‘q.
(Qop)
Yetsa turmas,
Tursa yotmas.
(Qop)
G‘ishim yo‘lda yo‘rg‘alar,
Yurgan yo‘li oqarar.
(Sovun)
Kichkina misr,
Beklarni otdan tushir.
(Chilim)
Bo‘yni birgina,
Qo‘li ikkigina,
Chaqirib kelmaydi,
Piyoda yurmaydi.
(Chilim)
Ustida o‘t yonadi,
Tagida suv qaynaydi.
(Chilim)
Sarvinoz, sallasi katta, bo‘yni kir.
(Chilim)
Boradi, boradi,
Tangaday joyni oladi.
(Hassa)
Kunduzi top-top etar,
Kechasi bovursoqday yerda yotar.
(Hassa)
Kunduzi yuradi-yuradi,
Oqshom tik turadi.
(Hassa)
Uzun terak turib ketdi,
Yo‘rg‘a-yo‘rg‘a yurib ketdi.
(Hassa)
El olmasa, ellik yil yotadi.
(Oltin)
Yerda chirimaydi,
Elda yo‘qolmaydi.
(Oltin)
Kichkinagina minnas,
Olamni kezib tinmas.
(Tanga pul)
Oppoqqina, yumaloqqina,
Hammaning ko‘ziga yaxshigina.
(Tanga pul)
Loydan bo‘sh,
Toshdan qattiq.
(Qo‘rg‘oshin)
Bir oyog‘in osib turar,
Bir oyog‘in bosib turar.
Chor bozorga boradi,
Bo‘z bozorga bormaydi.
(Tarozi)
Ikki og‘a-inini bir ustunga bog‘ladim.
(Tarozi)
Ikki singil,
Og‘ir-yengil.
(Tarozi)
Oq sallali bobo tom ustidan yantoq tashlaydi.
(Ustara)
Tomdan poxol tashlaydi,
G‘aldi pakana.
(Ustara)
Ming qo‘yimni bir chiviq bilan haydadim.
(Ustara)
Toqirchoq to‘bada toy o‘ynar.
(Ustara)
Tepa ustida bukur sichqon o‘ynaydi.
(Ustara)
Yumaloq tepada qilich o‘ynar.
(Ustara)
Tom ustida olifta usta.
(Ustara)
Suyri to‘ba ustida —
Abjir tozi o‘ynaydi.
(Ustara)
Hasan aka tikka turadi,
Bolalari chapak chaladi.
(Terak, barglari)
Bolalari qarsak chaladi,
Onalari o‘yinga tushadi.
(Terak, barglari)
Yozda ham qishda,
Bir xil kiyimda.
(Archa)
Otasi uyda qolar,
Bolasi bozor borar.
(Mevali daraxt)
Kichkina qozonning oshi totli.
(Yong‘oq)
Kichkina dekcha,
Ichi mazaliqcha.
(Yong‘oq)
Kichkina qozon,
Jingla palov.
(Yong‘oq)
Kichkina qozon,
Jikr palov.
(Yong‘oq)
Kichkina tandircha,
Ichi to‘la kulcha.
(Yong‘oq)
U yog‘i tog‘,
Bu yog‘i tog‘,
O‘rtasida
Sarig‘ yog‘.
(Yong‘oq)
Qo‘shaloq tovoq,
Ichi to‘la yog‘.
(Yong‘oq)
Usti zahar, ichi tosh,
Toshning ichi asal.
(Yong‘oq)
Po‘sti qalin, qovoqday,
Beli bog‘li tanobday,
Mevasi sarig‘ yog‘day.
(Yong‘oq)
Beli bog‘li, cho‘tir choldir,
Qo‘ynida bor bujur kampir.
(Yong‘oq)
Kichkina xotin shoshaqon,
Kichkina qozon toshaqon.
(Yong‘oq)
Ikki tog‘ning orasida
Bir tup yantoq.
(Bodom)
Qo‘tir tosh,
Ichida osh.
(Bodom)
Osh ichida tosh,
Tosh ichida osh.
(O‘rik)
U yog‘i tosh, bu yog‘i tosh,
O‘rtasida nishgan osh.
(Danak mag‘zi)
Pastu baland ko‘p xotin,
Ko‘ylaklari oq, gulgun.
(O‘rik guli)
O‘zi ko‘m-ko‘k,
Yuzi qip-qizil.
(Olma)
O‘zi shirin, tukligina,
Mazasi bor, totligina.
(Shaftoli)
Bodom kabi yaprog‘i,
Sollanadi butog‘i.
(Shaftoli)
Past-past bo‘yi bor,
Malla to‘ni bor.
(Behi)
Mallagina to‘ni bor,
Nordongina ta’mi bor.
(Behi)
Dum-dumaloq bo‘yi bor,
Palovda obro‘yi bor.
(Behi)
Bir qop un,
Ichida ustun.
(Jiyda)
Qopcha,
Qopcha ichida uncha,
Uncha ichida ustuncha.
(Jiyda)
Ichi un-un,
Tashi gulgun.
(Jiyda)
Tashi qizil anorday,
Ichi oq — unday,
O‘tirishi gulday.
(Jiyda)
Osmondan tushdi bir tugun,
Usti baxmal, ichi un.
(Jiyda)
Igna tegmasdan qon,
Tegirmon bermasdan un,
Tesha tegmasdan ustun.
(Jiyda)
Otasi bukri xo‘ja,
Onasi yoyma chalpak,
Bolasi shirin-shakar.
(Tok bargi, uzumi)
Bir onadan yuz bola,
Yuzovi ham bo‘z bola.
(Tok, uzum)
Chorpoya ustida
Shirin-shirin shox soqqa.
(Tok, uzum)
Bo‘g‘un-bo‘g‘un, bo‘g‘unchoq,
Tugun-tugun, tugunchak,
Yetmish qizning onasi
Hali ham bo‘lsa kelinchak.
(Tok, uzum)
Ota-onasidan bolasi shirin.
(Tok, bargi, uzumi)
Qora ho‘kizim og‘ilga kirishda dumini yulib qoldim.
(Qora mayiz)
Kichkina dekcha,
Ichi to‘la mixcha.
(Anor)
Sariqqina to‘ni bor,
Ichi to‘la doni bor.
(Anor)
Qirq hujrada qizil qizlar.
(Anor)
Eshagim quduqqa tushib ketdi,
Dumidan ushlasam, yulinib ketdi.
(Qora mayiz)
Kichkina gumbaz ichida
Qizlar aylabdi makon.
Yuzlarida parda tutig‘lik,
Har birining bag‘ri qon.
(Anor)
Gulsiz bo‘lar mevasi,
Shirin-shirin donasi.
(Anjir)
Osti sariq, usti sariq,
Shirin, totli, ichi tariq.
(Anjir)
Daraxt ustida langar.
(Anjir)
Qamchi dasta,
Qamchi dastada marjon.
(Do‘lana)
Tepdim, sandiq ochildi,
Yerga bodom sochildi.
(Do‘lana)
Erta turadi,
Jar chaqiradi.
(Xo‘roz)
Boshi taroq,
Dumi o‘roq.
(Xo‘roz)
Bir qo‘shnim bor avval boshdan,
Soqoli uning qizil go‘shdan.
Sahar turib shovqin solar,
Xabari yo‘q hech bir ishdan.
(Xo‘roz)
Ovozasi azonda,
Mazaligi qozonda.
(Xo‘roz)
Saharxez so‘fi,
Tuynukda bibiotin.
(Xo‘roz, tovuq)
Jonlidan jonsiz do‘raydi,
Jonsizdan jonli do‘raydi.
(Tovuq, tuxum, jo‘ja)
Kasbi doim taqir-tuqur,
Qayda ilon ko‘rsa cho‘qir.
(Laylak)
Tomda turgan pishagim,
Bo‘yni uzun eshagim.
(Laylak)
Qirdan turib tuxum irg‘itdim.
(Burgut)
Bir qushim bor farangi,
Chorbog‘da chalar changdi.
(Sa’va)
Boyning o‘g‘li ko‘kka qarab yig‘laydi.
(Boyo‘g‘li)
Liking-liking yo‘rg‘asi,
Og‘zida baxmal to‘rvasi.
(Kaklik)
Yuqoridan keladi zebogina tovshi bor,
Oyog‘ida paxmoqqina kovshi bor.
(Kaklik)
Buxorodan kelgan minoli,
Og‘iz-boshi xinoli.
(Kaklik)
Saroyda sari otim,
Sebi bilan kishnaydi,
To‘qayda to‘riq otim,
To‘pi bilan kishnaydi.
(Kaklik)
Qizil yulg‘unning tagida
Qizlargul opam yotibdi.
(Qirg‘ovul)
Surp ko‘ylaklik,
Selon kamzullik.
(Olashaqshaq)
Liking-liking yo‘rg‘asi bor,
Kumush choqli sirg‘asi bor.
(Olashaqshaq)
Atlas ko‘ylak qanoti,
Xush xabarchi odati.
(Zag‘izg‘on)
Oqligi sutday,
Ko‘kligi nilday,
O‘tirishi bekday.
(Zag‘izg‘on)
Yozda keladi,
Qishda ketadi.
(Zag‘izg‘on)
Jar boshida yashil paxta.
(Ko‘k kaptar)
Gul ustida olifta ashulachi.
(Bulbul)
Zuv-zuv borag‘ay,
Tomdan qarag‘ay.
Cho‘p, loy cho‘qig‘ay,
Savat to‘qig‘ay.
(Qaldirg‘och)
Kichkina juvonmarg,
Tom boshidan o‘tin tashlaydi.
(Chumchuq)
Qizil qiya ichida
Qiyma juvon o‘tirar.
Dakanasin dol qo‘yib,
Dalva juvon o‘tirar.
(Bedana)
Gul shohida Hasan mastcha.
(Bulbul)
Erta bilan to‘rt oyoqlab yuradi,
Tushda ikki oyoqlab yuradi,
Kechqurun uch oyoqlab yuradi.
(Odam — bolaligi, yigitligi, keksaligi)
To‘rtida tariqday,
O‘ttizda ayiqday,
To‘qsonida tovuqday.
(Odam — bolaligi, yigitligi, keksaligi)
O‘zi bitta,
Kallasi ikkita,
Dumi bitta,
Oyog‘i oltita.
(Ot mingan odam)
Bir to‘bada yetti teshik.
(Bosh, og‘iz, burun, ko‘z va quloq)
Bukdim, bukdim,
Ariqdan u yoqqa tashladim.
(Soch o‘rimi)
Qora tol butoqsiz.
(Soch o‘rimi)
Tog‘da tayoq serkillar.
(Soch o‘rimi)
Jarga ilon yopishgan.
(Soch o‘rimi)
Uy ustida sara yoy.
(Qosh)
Tom ustida qo‘sh chiroq.
(Ko‘z)
Kunduzi yonar,
Kechasi so‘nar.
(Ko‘z)
Bir ola chilbirim bor,
U tog‘dan bu toqqa yetadi.
(Ko‘z)
Ohurda ola buzoq o‘ynaydi.
(Ko‘z)
Qo‘sh inda qo‘sh sichqon o‘ynaydi.
(Ko‘z)
Ola kabutar?
Topilmas gavhar.
(Ko‘z)
Ikki og‘ayni bir-birini ko‘rmaydi.
(Ko‘z)
Qarichdan yaqin,
Osmondan uzoq.
(Ko‘z)
Atrofi chakalakzor,
O‘rtasi yorug‘ yulduz.
(Ko‘z bilan kiprik)
Sandiqchamni ochdim, yopdim,
Sachoqlari tashqarida qoldi.
(Ko‘z bilan kiprik)
Bir quduqning boshida qirq qiz,
Ham qopishar, ham tepishar.
(Ko‘z bilan kiprik)
Oynam usti qopqoqli,
Atroflari chachoqli.
(Ko‘z bilan kiprik)
Kunduzi tayoqlashar,
Kechasi quchoqlashar.
(Kipriklar)
Ustida ikki darcha,
O‘rtasida bir kunda.
(Burun)
Tekis joyda qo‘sh to‘la.
(Burun)
Qirli tog‘dan qizil ko‘ylakli qiz yumalab tushdi.
(Burun qoni)
Bir teshikda hamma olam.
(Quloq)
Eshitadi, ko‘rmaydi,
Ko‘radi, eshitmaydi.
(Quloq, ko‘z)
Uyoqqa qarasangiz ko‘rmaysiz,
Bu yoqqa qarasangiz ko‘rmaysiz.
Boshingizga qarasangiz ko‘rmaysiz,
Soyangizga qarasangiz ko‘rinadi.
(Quloq)
G‘aznadir, to‘lmas,
Bir kun bo‘sh bo‘lmas.
Bo‘sh qolsa, turmas,
Usiz jon bo‘lmas.
(Og‘iz)
Oq kuchugim aravadan sakradi.
(Tupuk)
O‘ra,
O‘ra boshida sho‘ra.
(Og‘iz, mo‘ylov, soqol)
Jar boshida bir tup shuvoq.
(Soqol)
Chelakcha,
Chelakcha ichida baliqcha.
(Og‘iz, til)
Temir qo‘rg‘on ichida,
Qizil toychoq o‘ynaydi.
(Til)
Hamma vaqt og‘zimda,
Hech yuta olmayman.
(Til)
Yurib, oq tovug‘imni yo‘qotdim.
(Tupuk)
Bir bog‘ poxol, beli bog‘liq.
(Soqol)
Qizil buzog‘imni og‘ildan haydasam, chiqmaydi.
(Til)
Teg desam, tegmaydi,
Tegma desam, tegadi.
(Lab)
Kichkina oxurcha,
Ichi to‘la mixcha.
(Og‘iz, tish)
Sandiq to‘la oq sadaf.
(Og‘iz, tish)
Og‘il to‘la oq eshak,
Ustida ko‘rpa-to‘shak.
(Og‘iz, tish)
Bir uyim bor tuynuksiz,
Ichi to‘la yulduz.
(Og‘iz, tish)
Shov tegirmonning toshi.
Oltin egarning qoshi.
Shuni topgan yigitning
Yuz yigirma ikki yoshi.
(Tish)
Jar yoqalab tosh qo‘ydim,
Jiyronchani bo‘sh qo‘ydim.
(Tish, til)
U yog‘i arra, bu yog‘i arra,
O‘rtasida go‘shti barra.
(Tish, til)
O‘ra,
O‘raning yuqorirog‘i sho‘ra,
Sho‘raning yuqorirog‘i buloq,
Buloqning yuqorirog‘i chiroq,
Chiroqning yuqorirog‘i qalam,
Qalamning yuqorirog‘i changal.
(Og‘iz. mo‘ylov, burun. ko‘z, qosh, soch)
Hovuzcha,
Hovuzcha ustida buloqcha,
Buloqcha ustida chiroqcha,
Chiroqcha ustida qalamcha,
Qalamcha ustida ayvoncha,
Ayvoncha ustida chakalakzor.
(Og‘iz, burun, ko‘z, qosh, peshona, soch)
Chang‘aroqda qo‘sh chiroq,
U ne bo‘ldi, bolqanto‘z?
Uy ustida sari yoy,
U ne bo‘ldi, bolqanto‘z?
Zarna yerda qo‘sh to‘la,
U ne bo‘ldi, bolqanto‘z?
Hovuzi bor, suvi yo‘q,
U ne bo‘ldi, bolqanto‘z?
Qator-qator qora nor,
U ne bo‘ldi, bolqanto‘z?
Uy ortida qo‘sh terak,
U ne bo‘ldi, bolqanto‘z?
(Chang‘aroqda qo‘sh chiroq
Ko‘z degani emasmi?
Uy ustida sari yoy,
Qosh degani emasmi?
Zarna yerda qo‘sh to‘la,
Burun degan emasmi?
Hovuzi bor, suvi yo‘q,
Og‘iz degan emasmi?
Qator-qator qora nor,
Soch degani emasmi
Uy ortida ko‘sh terak,
Soch o‘rimi emasmi?)
Besh otim,
Beshovi ham qashqa otim.
(Barmoqlar)
Besh og‘ayni yosh edi,
Ichida biri bosh edi.
(Barmoqlar)
Katta-kichik besh o‘rtoq,
Uyushsa bo‘lar to‘qmoq.
(Barmoqlar)
Bir otadan besh o‘g‘il.
(Qo‘l, barmoqlar)
Ikki onaga beshtadan bola,
Har birining oti bor.
(Qo‘l, barmoqlar)
Bir supada besh bola.
(Qo‘l, barmoqlar)
Kosov,
Kosov boshida beshov,
Beshov boshida besh oyna.
(Qo‘l, barmoqlar, tirnoq)
Bir o‘choqqa besh kosov.
(Og‘iz, besh barmoq)
Quv yog‘och-a, quv yog‘och.
Quv yog‘ochda besh yog‘och,
Besh yog‘ochga qor yoqqan,
Qor ustiga qon tomgan.
(Qo‘l, barmoqlar, tirnoq, xina)
O‘nta og‘a-ini boshidan
O‘nta oy tushib ketdi.
(Barmoqlar, tirnoq olish)
Beshta botir, Orqasi yaltir.
(Tirnoq)
Ikki otim bor,
Bir-biridan chopog‘on.
(Oyoq)
Tursang turar,
Yetsang yotar.
(Oyoq)
Otamdan bir meros oldim,
Yerga ko‘msam chirimas.
(Ism)
Yaratganga yopishgan.
(Ism)
Hamma narsaga yopishgan.
(Ism)