Xalq qo'shiqlari
Sunbula
Sunbula-yu sunbula,
O‘rab olay gul bilan.
Mening ko‘nglim sen bilan-o,
Sen ketasan kim bilan?
Qadamingga gular ochilsin!
O‘choq boshida qumg‘on,
Atrofi baland qo‘rg‘on.
Yorginamga yetolmay,
Yurak-bag‘rim bo‘ldi qon.
Qadamingga gular ochilsin!
Men bu yerda o‘t yoqsam,
Farg‘onada tutuni.
Bu dunyoda bormikan
Yurak bag‘ri butuni?
Qadamingga gular ochilsin!
Bu dunyoda bor bo‘lsa,
Yurak-bag‘ri butuni.
Qog‘ozdan o‘choq yasab,
Guldan qilay o‘tinni.
Qadamingga gular ochilsin!
Daryo – toshqin
Daryo- toshqin, suvlar – to‘lqin, o‘tolmayman-e
Otim oriq – manzilimga yetolmayman-ey.
Otginamni oriq qilgan shul mayda tosh-ey,
Rangginamni sariq qilgan shul qalam qosh-ey!
Oh, ukajonim-ey,
Quralay ko‘zim-ey.
Rangginamni sariq qilgan
Shul Qalam qosh-ey!
Daryolarning ul yuzida uylaringiz-ey,
Oqarishib ko‘rinadi bo‘ylaringiz-ey.
Ipdanmidi, ipakmidi kiyganingiz-ey?
Bizlardan ham ortiqmidi suyganingiz-ey?
Oh, ukajonim-ey,
Quralay ko‘zim-ey.
Rangginamni sariq qilgan
Shul qalam qosh-ey!
Daryolardan o‘tar edim, o‘tar edim-ey,
Manzilimga yetar edim, yetar edim-ey.
Men sevsam-u, u sevmasa , men netarman ?
Sho‘rlik boshim olib qayga men ketarman?
Oh, ukajonim-ey,
Quralay ko‘zim-ey.
Sho‘rlik boshim olib qayga
Men ketarman?
Yolg‘iz boshim olib qayga
Men ketarman?
Do‘st bo‘lamiz
Mast bo‘lamiz, lolacha,
Rost bo‘lamiz, lolacha.
Erta turib, salom deb,
Do‘st bo‘lamiz, lolacha.
Qizg‘aldoq lola emas,
Kapasi qal’a emas.
Lola unib chiqmasa,
Bu dala dala emas.
Pichog‘i yo‘q qin emas,
Yulduzi yo‘q tun emas.
Lolachani ko‘rmasak,
Boshqalari yor emas.
Ko‘cha bog‘i
Qoshingning qorasiga ,
Hol bo‘lay orasiga.
Muncha rahming kelmaydi,
Birovning bolasiga.
Qoshing bilan imlaysan,
Zulfing bilan dog‘laysan.
Menda nima qasding bor,
O‘ldirmoqqa chog‘laysan?
Jonon boʻlaman deb
Jonon boʻlaman, deb hammani kuydirasanmi?
Kuygan bu faqirlarni yana yondirasanmi?
Ey ofati jon, yuz yilga dovur shunday turasanmi?
Yosh boshing ila sevmay, mana shunday yurasanmi?
Ey Mehri Kulol koʻchasidan oʻtmaganim, kel!
Shoyadki, seni tushimda koʻrsam, Kel, oʻrgilayin debon yugursam,
Dardingni olib, gʻamingni soʻrsam,
Dardu alamingda chiqdi jonim,
Oʻrtandi jismim ham ustuxonim.
Men asragan vaqtima sen yoshgina erding,
Ham erkayu munisayu yuvoshgina erdin,
Oq yuzligu xoldoru Qalam qoshgina erding,
Har yoqqa borar chog‘ima yo‘ldoshgina erding,
Ming va’da qilib , birga vafo qilmaganim, kel!
Ey yosh yurak, kuydirasan – qayga borursan?
Beshubxayu benomu nasab qayda turursan?
Savdo qilayin – bormi sening asli makoning?
Jonimni beray – ishq do‘konini qayga qurursan?
Ming va’da qilib , birga vafo.
Chiqdim tog‘ning boshina
Chiqdim tog‘ning boshiga,
Yorginamning qoshina.
Yorimning rahmi kelmas
Ko‘zdan oqqan yoshima.
Qizil gul yulduziman,
Yoqangni qunduziman.
Mani ko‘p o‘rtama, yor,
Onamning yolg‘iziman.
Qizil gul duyim-duyim,
Qizil guldayin bo‘yim.
Mendan boshqani desang,
So‘ladi rangi ro‘yim.
Jahona galmas
Endi sandek dilbar jahona galmas,
Husningni ko‘rganning armoni qolmas.
Yor yo‘linda o‘lsang, yor oni bilmas,
Yor yo‘linda o‘lsam, armonim qolmas.
Ro‘molimni yuvib, sardim gullara,
Borib ayting bizning nozli ul yora:
Ro‘mol obboribdi allakimlara,
Endi galsa – girgizmaman uylara.
Sizning ayvon
Sizning ayvon – bizning ayvon emasmi?
O‘rtasida chinni ravon emasmi?
Kelasiz-u ketarsiz – bir so‘z demaysiz ,
Bu hammasi yurakda armon emasmi?
Tog‘da archa mingy il umr ko‘rarmi?
Shoxi sinsa , zargar kumush bo‘larmi?
Zargarning qilgani kumush bo‘larmi?
Bilib bergan ko‘ngil judo bo‘larmi?
Sen go‘zalni izlab, cho‘llarni kezdim,
O‘shal kezgan cho‘llar bo‘ston emasmi?
Sening joning mening jonim emasmi?
Mening jonim senga qurbon emasmi?
Gulnor
Amu to‘lg‘onib oqar, gulnor,
Yelkanni shamol qoqar, gulnor.
Shul elatda bir qiz bor, gulnor,
Vah-vah, yuragim yoqar, gulnor.
Shubhalarda yurmasin, gulnor,
O‘zidan ko‘p ko‘rmasin, gulnor.
Yigit degan nomimni, gulnor,
Ayting, yerga urmasin, gulnor.
Do‘ppi tikdim
Qoshing qaromi, qaro?
Qorong‘i bo‘ldi havo.
Hamma dardga bor davo,
Oshiqlikka yo‘q davo.
Do‘ppi tikdim to‘r gullik,
Gullari turlik-turlik.
Shu turlangan ichida
Mening yorimdir ko‘hlik.
Yorginam
Qoshing asli qarodir,
O‘sma qo‘yganing yolg‘on.
Sening uchun men kuygan,
Menga kuyganing yolg‘on.
Osmonda uchta o‘rdak,
Uchalasi ham birdak.
O‘ltirgan haloyiqlar,
Ochilgan qizil guldak.
Osmonda pilpillaydi,
To‘rg‘ay desam, bedana.
Labingdagi holingni
Sepkil desam, sedana.
Qora sochim
Qora sochim o‘sib, belimga tushdi,
Ne savdolar mening boshimga tushdi.
Sening ishqing menga qanday yopishdi?
Tanamdan o‘t chiqib, bag‘rim tutashdi.
Tomga piyoz eksam – o‘soman deydi,
Yorga bino qo‘ysam – ketoman deydi.
Ketma, yorim, ketma, jonim beroyin,
Tilimning uchidan shakar beroyin.
O‘yna, lola
O‘yna, o‘yna, hay lola, o‘yna!
O‘ynamasang, yor qayda, o‘yna!
Qoshing asli qarodir, o‘yna,
O‘sma qo‘yganing yolg‘on, o‘yna.
Sening uchun men kuygan, dod-ey,
Sening kuyganing yolg‘on, o‘yna.
Qora qoshing pilikmi , o‘yna,
Qora ko‘zing yirikmi, o‘yna.
Seni suyib yurganlar, dod-ey,
So‘rab ko‘rgin – tirikmi, o‘yna.
Qoshingni qarosiga, o‘yna,
Xol bo‘lay arosiga, o‘yna.
Nega rahming kelmaydi, dod-ey,
Birovning bolasiga, o‘yna.
Oh, Layli
Tom boshida tog‘ora,
Tandir to‘la zog‘ora.
Zog‘orani yopolmay,
Qaynana-kelin ovora.
Ro‘molim uchdi-ketdu,
Daryoning shamoliga .
Seni yor tashlab ketdi
Boshqaning humoriga.
Yorim ketaman, deydi,
Ketkizgani qo‘ymayman.
Yo‘llariga chim bosib,
O‘tkizgani qo‘ymayman.