«Farhodning dengizdagi sayohati» nomli miniatyurasini ko‘rgan kishi uni hirotdagi ishlarga yaqinligiga amin bo‘ladi.
Chunki undagi kemaning shakli, odamlarning qomati va kiyimlari Amir Xusrav Dehlaviyning 902 / 1496-yilda tayyorlanib, Behzod tomonidan bezak berilgan «Hasht Bexisht» asariga ishlangan suratlarni eslatadi. Asarning chap tomonida, tepada turgan dengiz maxluqi shu musavvir tomonidan 1494-yilda Nizomiyning «Xamsa»siga yaratgan miniatyuraga o‘xshab ketadi. Ularning farqi yaqqol ko‘rinadi: «Kulliyot»ni bezatgan musavvir qirg‘oq peyzaji va me’morchilik obidalarini tasvirlashdan o‘zini olib qochadi. Bu esa tasvirlanayotgan hikoyada ular yo‘qligi emas, balki kompozitsiyani soddalashtirib, unga jo‘shqinlik berish maqsadida qilingan.
Yuqoridagi miniatyurada yosh shahzoda Farhod boshida temuriylar toji va yorqin kiyim-boshda tasvirlanadi. U otasining yonida o‘tirgani, tog‘dagi sangtaroshlar bilan suhbatlashayotgani va Shirinni otida olib ketayotgani tasvirlangan miniatyuralarda ham yosh ko‘rinishda bo‘ladi. «Farhod tosh teshmoqda» va «Farhod Mehinbonu qarshisida» nomli suratlarda asosiy qahramon soqolli qilib tasvirlanadi, bu keyinroq chizib qo‘yilgan.