O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiti veterinariyaga oid qo‘lyozmalar to‘plamiga gippologiya (otlar haqida), qushlarni davolash va ovchilikka bag‘ishlangan asarlarning nusxalari kiritilgan (49 ta).
Son jihatdan “Boznoma”lar, yaʼni lochin haqidagi risolalar ko‘proq. Jumladan, lochin bilan ov qilishga o‘ta ishqiboz bo‘lgan boburiy Jaloliddin Akbar (1556 – 1605) davrida yozilgan bir nechta asarlar nusxalari mavjud.
Mazmuniga ko‘ra “Boznoma”larga yaqin bo‘lgan “Shikornoma”lar – ov haqidagi asarlar ham saqlanadi. Ularning orasida Ali ibn al-Mansur al-Xavofiyning (XIV asr) «Shikornomai Ilxoniy» (Elxonning ov kitobi) va Shayx ul-islom al-Hiraviy as- Samarqandiyning (XVI asr) sulton Badiʼ uz-Zamon uchun yozilgan «Kitobi saydiya» (Ov haqida kitob)ning ayrim nusxalari nafis ishlangan rangli suratlari va naqsh bezaklari bilan diqqatga sazovordir. So‘nggi asarning 7 ta nusxasidan dastlabkisi 1553 yilga mansub.