Qaysi hukmdor Husayniy taxallusi bilan ijod qilgan?

XV asrning so‘nggi choragida Xuroson poytaxti Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro va boshqa yuqori martabali hirotliklar faoliyati, hamda jamiyatning maʼnaviy salohiyati tufayli O‘rta asrlar sharqida, Markaziy Osiyoning eng yorqin madaniy markazlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan.

Bu davrda Hirotda yashab ijod etgan «mashhur va tengi yo‘q» insonlarning nomlarini shunchaki tilga olish ham kishiga o‘zgacha shavq bag‘ishlaydi: Hirot so‘fiylari jamiyatining maʼnaviy rahbari, buyuk shoir va faylasuf Abdurahmon Jomiy; turkiy nazm rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan atoqli shoir, faylasuf, fan va sanʼat homiysi, Sulton Husayn Boyqaroning vaziri va xazinaboni Alisher Navoiy; Binoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Xotifiy kabi shoirlar; tarixshunos Mirxond va Xondamir; «xattotlar sultoni» Sulton Ali Mashhadiy; uning o‘zidan qolishmaydigan shogirdi, mashhur xattot Mir Ali Xeraviy; Mirak Naqqosh, Valiulloh, Behzod va uning shogirdlari Qosim Ali va Shayxzoda kabi mashhur rassomlar; musiqachi va raqqoslar Shayx Nayi, Udiy, Sayyid Badr va boshqalar shular jumlasidandir. 

Ilm va sanʼat ahllariga har tomonlama homiylik qilib kelgan, nozik badiiy did sohibi, fors va turk tillarini mukammal bilgan Sulton Husaynning o‘zi ham «sheʼr yozish qobiliyati»ga ega bo‘lgan. Husayniy taxallusi bilan yozgan g‘azal janridagi lirik asarlarini o‘z ichiga olgan uning Devoni Alisher Navoiy to- monidan Majolis un-Nafois asarining oxirgi jildida yuksak baholangan va asarning ushbu qismi to‘laligicha Sulton Husayn ijodiga bag‘ishlangan.