Buyuk Iskandar va qonxo‘r maxluq voqeasi: o‘z ishining ustasi Kamoliddin Behzod uni qanday talqin etgan?

Yunonistonlik sarkarda Buyuk Iskandar Xitoy dengizi bo‘ylab sayohat qilayotganda, halokatga uchragan kemalarga hujum qiluvchi qonxo‘r maxluqlar tomonidan hosil qilingan xavfli girdobga tushib qoladi.

 Bir donishmandning maslahati bilan u dengiz qirg‘og‘ida ibodatxona quradi va uning ichiga misdan yasalgan, qo‘lida nog‘ora ushlagan sanam haykalini o‘rnatadi. Nog‘orani chalishganda, dengiz tinchlanib, hayvonlar uning tovushlaridan qo‘rqib, tarqalib ketishadi va kemalar ham o‘z yo‘llarida davom etishlari mumkin bo‘ladi.     

Miniatyurada Iskandar sanamning nog‘orasini chalmoqda, uning safdoshlari esa kemani suzishga tayyorlamoqdalar.

O‘z ishining ustasi bo‘lgan Behzod ushbu g‘aroyib manzarani ko‘plab real tafsilotlar, odamlarning turli xil harakatlari bilan to‘ldiradi. U ushbu manzarani taʼsirchan dengiz sarguzashtiga aylantirish uchun avval boshqa asarlarida foydalangan personajlarni ham syujetga kiritadi. Kema machtalarida yelkan bog‘lanadigan ko‘ndalang yog‘och ustida turgan yosh dengizchi bola yelkanni ko‘tarmoqda; bir odam tashvishlardan charchab ahvoli yomonlashgan va ikki yigit uning harakatsiz tanasini ko‘tarib olishgan; qirg‘oqda ikki dengizchi kemaning langarini ko‘tarmoqda; odamlar bilan to‘lgan bitta qayiq allaqachon dengizda suzib yuribdi; ammo ular, bir odamning dengizga tushib ketganini ko‘rib, imo-ishoralar va yuz ifodalari bilan o‘z hamdardliklari va hayratlarini ifodalashmoqda; dengizchilardan biri allaqachon kiyimlarini yechib o‘zini dengizga tashlagan va unga yordamga shoshilmoqda, ikkinchisi ularni tortib olish uchun arqon tashlagan, shu yerda o‘tirgan musiqachilar esa karnay va surnay chalib, ularning qattiq tovushlari bilan dengiz ajdarini cho‘chitmoqdalar. Miniatyuraning koloriti syujet tasviriga afsonaviy tus beradi.

Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”siga ishlangan ushbu miniatyura Britaniya kutubxonasida saqlanmoqda.