Nodir sharq qo‘lyozmalari

“Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlarida saqlanayotgan nodir sharq qo‘lyozmalari 84 tadir.

Bu qo‘lyozmalar 1950 yildan to 2018 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida muzey fondiga qabul qilingan. Ularning aksariyati muzey ilmiy xodimlarining arxeografik ekspeditsiyalari davomida qo‘lga kiritilgan. Shuningdek, ular orasida aholi tomonidan muzeyga ixtiyoriy tarzda sotilgan qo‘lyozmalar ham bor. Mazkur qo‘lyozmalar arab, fors va turkiy – o‘zbek, ozarbayjon tillarida yozilgan.

Arab tilida kitobat qilingan qo‘lyozmalar 40 ta. Ularning ichida 4 tasi Qurʼoni karimning qo‘lyozma nusxalaridir. Shuningdek, hadisi sharif, Mahmud Zamahshariyning “Kashshof” nomli tafsiri, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Al-hidaya”, Ubaydulloh ibn Masʼudning fiqh (shariat) masalalariga oid «Muxtasar ul-viqoya» asarlarining ham qo‘lyozma nusxalari mavjud. Arab tili gramatikasiga doir Ibn Hojibning “Kofiya”, Abdurahmon Jomiyning «Favoid uz-ziyoiya» («Sharhi mumo Jomiy») asarlarining ham qo‘lyozma nusxalari saqlanmoqda. Islom dini aqidalariga bag‘ishlangan Najmiddin Umar Nasafiyning «Aqoid un-Nasafiy» nomli asari ham bor.
O‘zbek va ozarbayjon tillaridagi qo‘lyozmalar miqdor jihatdan ushbu kolleksiyada ikkinchi o‘rinda turadi. Ularning soni 24 tadir. Jumladan, Ahmad Yassaviy hikmatlarining 2 ta qo‘lyozma nusxasi, Alisher Navoiy devonlarining 3 ta, Fuzuliy devonining 2 ta, Mashrab sheʼrlar to‘plamining 1 ta qo‘lyozma nusxasi mavjud. Fors tilidagi qo‘lyozmalar ham 24 tani tashkil etadi. Ular ichida badiiy adabiyotga oid qo‘lyozmalar nisbatan ko‘proq. Hofiz Sheroziy, Mirzo Abdulqodir Bedil (1644 – 1721) devonlari, «Jomeʼ ul-muhammasot» («Muhammaslar to‘plami») «Dostoni Mahmud va Ayoz», so‘fiyona g‘azallar to‘plami shular jumlasidandir. Shariat qonun-qoidalariga doir «Chahor kitob», «Muhimmot ul-muslimin», diniy-axloqiy mazmundagi hikmatlardan iborat «Durr-ul ajoyib» kitoblari ham mavjud. Shuningdek shariat masalalariga oid hamda diniy-axloqiy mazmundagi «Avvali ilm», “Nurnoma”, “Shamoyilnoma” asarlari, «Tanbeh ul-g‘ofilin» asarining arab tilidan fors tiliga qilingan tarjimasi, mantiq ilmiga doir “Tahzib” asarining tarjimasi ham qo‘lyozmalar majmuasida alohida o‘rin egallaydi. 

Geografiya ilmiga doir «Majmaʼ ul-g‘aroyib» («G‘aroyib narsalar to‘plami»), saltanatni boshqarish qonun-qoidalariga bag‘ishlangan «Zaxirat ul-muluk» («Podshohlarning zaxirasi») asari ham eʼtiborga molik qo‘lyozmalardir. Bir necha asrlar ilgari ko‘chirilib, bizgacha yetib kelgan bu qo‘lyozmalarning saqlanish holati, albatta, bir xil emas. Butun, yaxshi saqlangan qo‘lyozmalar bilan bir qatorda ayrim varaqlari yirtilgan yoki muqovasi yo‘q qo‘lyozmalar ham uchraydi. Ammo ularning barchasi ham ajdodlarimizning ilmiy va badiiy tafakkuri mahsuli sifatida biz uchun qadrlidir.