O‘zbekiston va Qirg‘iz respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar turli xil rivojlanish bosqichlaridan oʻtib, sayqallanib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan holda, aniq amaliy mazmun bilan boyidi. Ushbu aloqalar ta'lim va madaniyat sohalarida ham jadallik bilan rivojlanib bormoqda, ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari bilan turli madaniyat markazlari, ta'lim muassasalari, o‘quv dargohlari ochilmoqda. Ushbu do‘stona aloqalarning samarasi o‘laroq 4-oktabr kuni Qirg‘iz Respublikasining O‘sh davlat universitetida O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi. Bu markazni ochish tashabbusi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti tomonidan bildirilgan edi. Markaz ochilishida O‘zbekistonning Qirg‘iz Respublikasidagi elchisi Xurshid Mirzohidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy talim, Fan va Innovationlar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, Qirgʻiz Respublikasi taʼlim va fan vazirining birinchi oʻrinbosari Ulanbek Usekov, Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Musa Jamanboyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Universitet tomonidan mazkur markazga 209 nomda o‘zbek tilidagi badiiy va ilmiy kitoblar, 14 ta tasviriy san'at namunalari va ko‘plab o‘zbek milliy hunarmandchilik buyumlari sovg‘a qilindi.Ushbu quvonchli tarixiy kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalar rivojiga munosib hissa qo‘shgani uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovga O‘sh davlat universiteti faxriy professori unvoni topshirildi.
O‘SH DAVLAT UNIVERSITETIDA O‘ZBEK TILI VA MADANIYAT MARKAZI OCHILDI
Uzbek