Madaniy meros kongressi sensatsiyalari

Samarqandda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining VII xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi. Kongress davomida yurtimizning madaniy merosiga oid bir qator muhim topilmalar taqdim qilindi.Madaniy meros kongressining eng sensatsion voqeliklaridan biri bu “Oshiqlar yig‘ini” deb nomlanuvchi miniatyuraning topilganligi haqidagi axborot bo‘ldi. Ushbu portret asarida ustoz va shogird an’analari, shuningdek mashhur Shayx Orif Ozodiy va yosh Mirzo Ulug‘bek tasvirlangan. Portretning orqa tomonida Ulug‘bek haqidagi matn ham bitilgan. Taxmin qilinishicha, miniatyura XVII asrdagi Buxoro maktabiga mansub. O‘zbekiston tarixining XIX-XX asrlarga oid davri tarixiy fotosuratlarda ajoyib tarzda saqlanib qolgan. Ularda shahar qiyofasi, tarixiy obidalar holati, tarixiy shaxslar, hukmdorlar, vazirlarni ko‘rish mumkin. Suratlarning aksar qismi xorijlik sayyohlar tomonidan olingan va xorij muzeylari fondlarida saqlanadi. Ko‘rgazmada ma’um qilinishicha, shunday fondlardan biri Avstriya poytaxti Venadagi Weltmuseum muzeyi bo‘lib, unda O‘zbekiston tarixiga oid 1600 ta fotosurat mavjud. Ular orasida 1890 yildan avval suratga olingan Buxoro amiri Sayid Abdulahadning surati ham bor. Kongressda, shuningdek, Hindistonda saqlanayotgan Akbarshoh buyrug‘i bilan yozilgan noyob kitob haqida ham xabar berildi.O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti ilmiy xodimi Dilorom Karomatning aytishicha, Xudobaxsh Xon kutubxonasi Hindistondagi eng boy kutubxonalardan biri bo‘lib, u yerda O‘zbekiston tarixiga oid hujjatlar, xususan, Temuriylar tarixiga oid arab va turk tillaridagi qo‘lyozmalar saqlanadi. Bu qo‘lyozmalar orasida eng noyobi, qimmatlisi esa “Tarixi xonadoni Temuriya” bo‘lib, unda Amir Temur davriga oid 132 ta miniatyura mavjud.Qolaversa, yana bir qimmatli qo‘lyozma mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bu astronomiyaga oid “Zij-i Rassad-i Samarqand” qo‘lyozmasi bo‘lib, hijriy 832, milodiy 1428-29 yilarda noma’lum nusxa ko‘chiruvchi tomonidan yozilgan. Ulug‘bekning “Zij-i Jadid-i Sultoniy” asaridan (milodiy 1437 yilda yozilgan) oldin yozilgan ushbu qo‘lyozma Hindistondagi “Rampur Razo” kutubxonasi fondida saqlanadi.UzAdan olindi

Uzbek